Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligiga bag'ishlangan pochta markasi chop etildi
Bosh sahifa Yangiliklar Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligiga bag'ishlangan pochta markasi chop etildi
img

Umumjahon pochta ittifoqi (UPI) 1874-yilda Bern shartnomasiga binoan xalqaro pochta xizmatlarini tartibga soluvchi xalqaro tashkilot sifatida tashkil etilgan. UPI pochta xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy platformasi boʻlib, unda xalqaro pochta almashinuvini tashkil etish va faoliyat yuritish tamoyillari ishlab chiqilgan.

192 davlat aʼzo boʻlgan Umumjahon pochta ittifoqi dunyodagi eng yirik pochta aloqasi tarmogʻidir. O‘zbekiston Respublikasi 1994-yildan buyon Umumjahon pochta ittifoqining (UPI) to‘liq a’zosi hisoblanadi va tashkilot doirasida boshqa pochta ma’muriyatlari bilan hamkorlik qiladi.

2024-yil 9-oktabrda Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligi butun xalqaro pochta sektori tomonidan nishonlanadi. Ushbu tadbir bilan Ittifoqqa a'zo barcha mamlakatlarga UPI va uning 150 yilligiga bag'ishlangan esdalik pochta markalarini chiqarish to'g'risida qaror qabul qilingan.

Joriy yilning 14-17-may kunlari O‘zbekiston poytaxtida Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik (ASMH) komissiyasining hamda ASMH pochta operatorlari kengashining 56/45-qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu muhim voqea munosabati bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2024-yil 10-maydan Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligiga bag‘ishlangan maxsus pochta markasi tayyorlanib, muomalaga kiritildi.

Pochta markasi pochta bloki shaklida tayyorlangan. Pochta markasida Buxoroning meʼmoriy ramzi bo‘lmish, qumli dengizdagi Buyuk Ipak yoʻli karvonlari uchun mayoq hisoblangan, XII asrda osmonga koʻtarilgan, balandligi qariyb 47 metr boʻlgan, haqiqiy tosh giganti - Minorai Kalon tasvirlangan, shuningdek UPI Xalqaro byurosi tomonidan taqdim etilgan maxsus logotipi joylashgan. 

Pochta markasi 4 (CMYK)+UVI sariq-yashil ranglarda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi ramkali. Qog‘ozi gummerlangan, oq silliq, zichligi 105 g/m². Pochta markasi o‘lchami 28x40 mm, blok o‘lchami 70x90 mm. Adadi 2000 nusxa.  Dizayner Baymatova M.

Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligiga bag‘ishlangan pochta markasini so‘ndirish maqsadida maxsus logotip tasviri tushirilgan maxsus hotira shtempeli tayyorlandi.

Maxsus hotira shtempelining markazida UPI 150 yilligi logotipi joylashgan bo‘lib, shtempel atrofida davlat tilida va ingliz tilida *UMUMJAHON POCHTA ITTIFOQINING 150 YILLIGI* so‘zlari yozilgan, hamda tadbirning sanasi va joyi ko‘rsatilgan *O‘ZBEKISTON, TOSHKENT POCHTAMT, 17.05.2024*. Shtempel aylanasining diametri 35 mm. Mastika rangi qora. Dizayner Baymatova M.

Umumjahon pochta ittifoqining 150 yilligiga bag‘ishlangan pochta markasini maxsus hotira shtempeli bilan tantanali so‘ndirish tadbiri faqat bir kun, 2024-yil 17-may kuni bo‘lib o‘tadi.

Jo'natma kuzatish
Jo'natma raqami kiriting
Kuzatish
Bunday raqamli jo'natama mavjud emas