O‘zbekistonda zargarlik san’ati uch ming yildan ortiq vaqtdan beri mavjud. Zargarlik hunari yer yuzidagi eng qadimiylaridan biridir. Dastlab, zargarlik buyumlari nafaqat bezak sifatida, balki tumor sifatida ham xizmat qilgan va sehrli xususiyatlarga ega bo‘lgan.
Oʻzbek zargarlari kumush bilan birgalikda qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan: tutunli pushti lal, zumrad, yoqut, karnelian, feruza, marvarid, marjon va b.q. foydalanganlar. Oʻzbek ayollari uchun koʻkrak taqinchoqlari, anʼanaviy sirgʻalar, uzuklar, tumorlar, shakli va bezaklari jihatidan gʻayrioddiy nafis boʻlgan buyumlar yasalgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg‘ona ustalarining ijodiy g‘ayrati, san’ati tufayli bu ajoyib badiiy hunarmandchilikning qadimiy an’analari uzilmaydi.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2024-yil 2-fevraldan “O‘zbekistonning tarixiy zargarlik buyumlari” turkumiga oid pochta markalari muomalaga kiritildi.
Turkum 4 ta pochta markasidan iborat. Pochta markalarida O‘zbekistonning turli hududlariga mansub XIX va XX asrlardagi tarixiy zargarlik buyumlari tasvirlangan. Pochta markalar bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Pochta markalarning o‘lchami 37x52 mm. Adadi 2000 nusxadan. Rasmlar muallifi va markalar dizayneri - Zakirov X.